Kontent qismiga oʻtish

Madeleine Albright

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madeleine Albright
Marie Jana Korbelová
 AQSh davlat kotibi bo‘lgan ilk ayol
 
Mansab davri
1997-yil 23-yanvar – 2001-yil 20-yanvargacha
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 5-mart 1937-yil (1937-15-05) (86 yosh)
Praga, Chexoslovakiya
Vafoti 223-mart 2022-yil
Vashington, AQSh
Fuqaroligi  AQSh
Onasi Anna Korbel
Otasi Josef Korbel
Maʼlumoti

Wellesley College, Johns Hopkins University,

Columbia University (MA, PhD)

Madeleine Albright — (tugʻilgandagi ismi Mari Jana Korbelova; 1937-yil 15-may — 2022-yil 23-mart) amerikalik diplomat va siyosatshunos boʻlib, 1997-2001-yillarda Qoʻshma Shtatlarning 64-davlat kotibi lavozimida ishlagan. Demokratik partiya aʼzosi Albright bu lavozimni egallagan birinchi ayol edi. 2000-yilda u O‘zbekistonga ham tashrif buyurgan[1].

Madeleine Albright universitetdagi forumlarning birida

Asl ism-sharifi Marie Jana Korbelova bo‘lgan Madeleine Albright 1937-yilda Chexoslovakiyada diplomat oilasida dunyoga keladi. Ikkinchi jahon urushi paytida uning oilasi Londonda qochqinlikda jon saqlaydi va fashistlar yengilgach Chexoslovakiyaga qaytadi.

1948-yilda, Madeleine 11 yoshda bo‘lganida Chexoslovakiyada hokimiyat kommunistlar qo‘liga o‘tadi. Shundan so‘ng Chexoslovakiyaning Yugoslaviyadagi elchisi vazifasida ishlab turgan otasi kommunistlar qo‘l ostida ishlashni xohlamaydi va isteʼfo beradi. 1949-yilda uning oilasi AQShdan siyosiy boshpana so‘raydi, so‘rov qondirilgach ular okean ortiga ko‘chib ketadi. 1957-yilda Madeleine Amerika fuqaroligini oladi[2].

Siyosiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madeleine Albright siyosiy faoliyatini Demokratik partiya faoli sifatida boshlaydi. 1978-yilda u Oq uyda, prezident Jimmi Karter maʼmuriyatida ishlaydi va AQSh milliy xavfsizlik kengashiga aʼzo bo‘ladi. Keyinroq bir necha prezidentlikka va vitse-prezidentlikka nomzodlarning xalqaro siyosat masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida faoliyat olib boradi.

1993-yilda Bill Klintonning inauguratsiyasidan keyin Madeleine Albright AQShning BMTdagi doimiy vakili sifatida ish boshlaydi.

Keyinroq u BMT bosh kotibi, Ruandadagi mash’um genotsid bo‘yicha qaroridan qaytgan Butros Butros-Galini keskin tanqid qilishi bilan tilga tushadi[3].

AQSh Davlat kotibi lavozimida

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Madeleine Albright NATOda

1997-yilda Oq uydagi raqiblarining keskin qarshilik ko‘rsatishiga qaramay Madeleine Albright xonim AQSh Davlat kotibi lavozimiga tayinlanadi. AQShda bu lavozim tashqi ishlar vaziri darajasida bo‘lib, davlat kotibi mamlakatning tashqi siyosatdagi ustuvor masalalari bilan shug‘ullanadi.

Madeleine Albright davlat kotibi bo‘lgan yillarda u AQSh tashqi siyosatida ancha qattiqqo‘llik bilan ishlagan. Xususan, 1990-yillar oxirida Bolqon yarimorolida yuzaga kelgan inqirozni hal qilish uchun sobiq Yugoslaviyaga qarshi kuch ishlatish zarur deb hisoblagan. Amalda shunday ham bo‘lgan. Bolqondagi bir qator millatlarga qarshi genotsidni amalga oshirayotgan Serbiya diktatori Slobodan Miloshevichni tiyib qo‘yish uchun uning poytaxti Belgrad va boshqa hududlariga NATO aviazarbalar bergan.

Ayrimlar NATO aviatsiyasi tomonidan Serbiyaning bombardimon qilinishida Madeleine Albrightni aybdor deb hisoblaydi va hatto buni norasmiy ravishda „Albright urushi“ deb atashadi. Ammo uning o‘zi hammasini to‘g‘ri bajarganini, agar o‘shanda Serbiya tiyib qo‘yilmasa Kosovoda va Bolqonning boshqa hududlarida yana ko‘plab insonlar halok bo‘lishi mumkin bo‘lganini aytadi.

"Men Bolqondagi harbiy operatsiya uchun barcha mas’uliyatni zimmamga olaman. Chunki Slobodan Miloshevich qilishni rejalashtirgan ishlar amalga oshirilishiga qo‘l qovushtirib tura olmasdik. Biz insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilayotganiga jim qarab tura olmasdik"

Madeleine Albrightdan so‘ng yana ikki nafar ayol — Kandoliza Rays va Hillari Klinton ham AQSh davlat kotibi lavozimida ishlashdi[4].

AQSh Davlat kotibi lavozimidan ketgach

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2001-yil bahorda Bill Klintonning ikkinchi prezidentlik muddati tugaydi va o‘rniga kichik Jorj Bush AQSh rahbari bo‘ladi. Shundan so‘ng Madeleine Albright davlat kotibi vazifasidan bo‘shaydi.

2001-yilda xizmatni tark etgach, Madeleine Albright Xalqaro munosabatlar milliy demokratik instituti direktorlar kengashi rahbari sifatida ishlaydi.

2012-yilda Barak Obama Olbraytni Bolqon yarimorolida tinchlik o‘rnatish borasidagi saʼy-harakatlari uchun Amerika fuqarolariga beriladigan eng yuksak mukofot, Prezident Ozodlik medali bilan taqdirlaydi.

2015-yilda Madeleine Albright BBC bilan suhbatda siyosiy hokimiyatda ayollarning bo‘lishi jamiyatdagi barqarorlikka olib kelishi borasidagi fikrlarini aytib o‘tgandi.

Joriy yil fevral oyida, Ukrainadagi urush boshlanishidan oldinroq, Madeleine Albright New York Times gazetasida Vladimir Putinni qattiq tanqid qilib chiqib, o‘zi haqida yana bir bor eslatdi. U Rossiya rahbari bilan u endigina hokimiyatga kelgan 2000-yilda ilk bor uchrashgandi.

"Ukraina qo‘shnisi kim ekanidan qatʼi nazar suverenitetga haqli. Bizning davrimizda barcha katta davlatlar bu qoidani tan olgan, shunday ekan, janob Putin, siz ham buni tan olishingiz kerak"

Oʻzbekistonga tashrif

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2000-yilda AQSh davlat kotibi Markaziy Osiyo davlatlariga qilgan tashrifi doirasida O‘zbekistonga ham keladi. O‘shanda Madeleine Albright O‘zbekistondan avval Qozog‘istonga tashrif buyuradi. 15-17-aprel kunlari qo‘shni davlatda bo‘lib u yerda muzokaralar o‘tkazgach, 17-aprel kuni to‘rt kunlik tashrif bilan Toshkentga keladi.

Tashrifning birinchi kunida Tashqi ishlar vazirligida Abdulaziz Komilov va Madeleine Albright o‘rtasida uchrashuv va muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Muzokaralarda har ikki mamlakat o‘rtasidagi uzoq muddatli siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy hamkorlikka qaratilgan sheriklik masalalari muhokama qilinadi.

Muzokaralar yakunida Madeleine Albright va A.Komilov Toshkent Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga tashrif buyurishadi. Olbrayt mazkur universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari oldida so‘zga chiqib, O‘zbekiston-Amerika munosabatlari, AQShning Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan siyosati haqida o‘z fikrlarini bildiradi. Jahon va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolarga to‘xtaladi.

"Mening bu tashrifim AQShning muhim siyosiy manfaatlari ifodasidir. AQSh bozori rivojlanishi dunyodagi ko‘plab bozorlarga, jumladan, O‘zbekiston bilan hamkorlikka bog‘liq. Bu savdo, sarmoya, energetika sohalaridagi aloqalardan iborat. Bundan tashqari, biz xavfsizlik sohasida, ayniqsa, terrorizm, qurol-yarog‘ savdosi, ekstremizm hamda giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashda yaqindan hamkorlik qilamiz", degandi u.

O‘shanda Madeleine Albright Bojxona kollejiga ham tashrif buyuradi va bu yerda tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashadi. Uchrashuv davomida u bojxonachilarning mas’uliyatli ishi haqida gapirib, Afg‘onistonda yetishtirilayotgan giyohvand moddalarning dunyo bo‘ylab tarqalishi oldini olishda O‘zbekiston bojxonachilari oldida turgan vazifalarning ahamiyati haqida gapiradi.

Tashrifning keyingi kunlarida Madeleine Albright Samarqand shahriga ham boradi va bu yerdagi tarixiy obidalarni tomosha qiladi. Bundan tashqari, u Samarqanddagi bir qator tashkilotlar faoliyati bilan tanishadi.

Madeleine Albright o‘sha paytdayoq O‘zbekiston hukumatiga mamlakatda internetdan foydalanish imkoniyatlarini oshirishni tavsiya qiladi. U bu ish mamlakat iqtisodiyoti rivoji uchun muhim rol o‘ynashini taʼkidlaydi.

Madeleine Albright tashrif davomida mintaqadagi barcha davlatlar hukumatlarini o‘sha yili iyun oyida AQSh Davlat departamenti tomonidan Vashingtonda tashkil etayotgan terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha mintaqaviy konferensiyada ishtirok etishga taklif qiladi[5].

Afg‘oniston muammosi bo‘yicha muzokaralar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Madeleine Albright va Vladimir Putin

Madeleine Albright O‘zbekistonga kelgan 2000-yilda Afg‘onistonda toliblar hukmronlik qilardi. O‘sha paytlarda dunyoning ko‘plab davlatlari kabi Markaziy Osiyo respublikalari va AQSh toliblarni nafaqat mintaqa mamlakatlari uchun, balki butun dunyo xavfsizligi uchun asosiy muammo sifatida ko‘rardi.

Shu sababli Madeleine Albright Toshkentda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri va boshqalar bilan uchrashuvlarda bu haqda bot-bot gapiradi. U Afg‘onistonda yetishtirilayotgan giyohvand moddalar tarqalishiga qarshi kurashda AQSh va O‘zbekistonning o‘zaro hamkorligi har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lishini taʼkidlaydi. Bu masalada O‘zbekistonga chegaralarni mustahkamlashda yordam berilishini bildiradi.

Madeleine Albright Toshkentga tashrif buyurganda Toshkentda sodir bo‘lgan portlashlardan endi 1 yil o‘tgandi. U Afg‘onistonning Markaziy Osiyo respublikalariga tug‘dirayotgan ehtimoliy tahdidlari haqida gapira turib 16 fevral hodisalarini ham eslaydi.

"Bugun O‘zbekiston duch kelayotgan muammolar bilan yaqindan tanishmiz. O‘tgan yil Toshkentda sodir etilgan portlashlardan ham xabarimiz bor. Xalqaro terrorizm, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi kabilarga qarshi kurashda, shuningdek Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni taʼminlash masalasida O‘zbekistonga yordam berishga tayyormiz. Bu masalalar uchun AQSh bu mamlakatga 10 million dollar ajratishga qaror qilgan"

Madeleine Albright kelib ketgandan so‘ng O‘zbekiston-AQSh munosabatlari birmuncha iliqlashadi. Klinton o‘rniga prezident bo‘lgan kichik Jorj Bush maʼmuriyati davrida ham ana shu iliq munosabatlar saqlanib qoladi.

2001-yil 11-sentyabr voqealaridan keyin AQSh BMT xavfsizlik kengashiga Afg‘onistonga qo‘shin kiritish va u yerdagi terrorchilarni yo‘q qilish ko‘zda tutilgan rezolyutsiya taqdim etadi. Ko‘plab davlatlar qatori O‘zbekiston ham uni qo‘llab-quvvatlaydi. AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Afg‘onistonga qo‘shin kiritgach, O‘zbekiston Qarshidagi aerodromni bu davlat harbiylariga vaqtinchalik topshiradi. AQSh harbiylari undan 2005-yilgacha harbiy baza sifatida foydalanadi.

Madeleine Albrightdan keyin ham AQShning bir necha nafar davlat kotibi O‘zbekistonga kelgan. Jumladan, Jorj Bush maʼmuriyatida davlat kotibi lavozimida ishlagan Kolin Pauell 2001 yil dekabr oyida O‘zbekistonga keladi.

Kichik Bushning ikkinchi prezidentlik muddatida ishlagan Kondoliza Rays 2005-yilda, Obama maʼmuriyatida ishlagan Hillari Klinton 2011-yilda, Jon Kerri 2015-yilda, Donald Tramp maʼmuriyatida ishlagan Maykl Pompeo 2020-yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan.

  1. „O‘zbekiston–AQSh: noyob zanjirning 30 halqasi“. Qaraldi: 2022-yil 6-avgust.
  2. „Madeleine Albright, America's first female secretary of state, is born“ (inglizcha). Qaraldi: 2022-yil 6-avgust.
  3. „Madeleine Albright on fascism, democracy, and diplomacy“. Qaraldi: 2022-yil 6-avgust.
  4. „Madeleine Albright, first female US secretary of state“. Qaraldi: 2022-yil 6-avgust.
  5. „AQSh davlat kotibi bo‘lgan ilk ayol: Madlen Olbrayt O‘zbekistonga ham kelgandi“. Qaraldi: 2022-yil 6-avgust.